UEFA Millatlar Ligasi doirasidagi Isroil va Irlandiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida irlandiyalik futbolchilarga nisbatan irqchilik bilan bog‘liq ayblovlar ham yangradi. Shundan so‘ng Irlandiya futbol assosiasiyasi vakillari matbuot anjumanini darhol to‘xtatib, zaldan chiqib ketdi.
UEFA Millatlar Ligasi doirasidagi Isroil — Irlandiya uchrashuvidan oldin tashkil etilgan matbuot anjumani isroillik jurnalistlarning savollari hamda o‘zaro tortishuvlar sababli oxiriga etmay qoldi. 3 oktyabr, shanba kuni tashkil etilgan tadbirda isroillik jurnalist Irlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi Xeymir Xalgrimssonga shu hafta Flydubai reysida yuz bergan hodisa (uchuvchilardan biri samolyot boshqaruvini qo‘lga olish uchun sherigiga pichoq bilan hujum qilgani) haqida savol bergan.
Jurnalist bu voqeani Irlandiyaning Falastinga nisbatan siyosiy pozisiyasi bilan bog‘lashga urinib, murabbiyga navbatdagi savolini bergan. Bunga Irlandiya futbol assosiasiyasi matbuot kotibi Kiran Krouli aralashib, jurnalistdan faqat futbolga oid savollar berishni talab qilgan. Irlandiyaliklar ustozi Xalgrimsson keyinroq bu holatni “og‘zaki hujum” deb atadi.
Vaziyat shu bilan tinchimagan. Boshqa bir isroillik jurnalist irlandiyalik futbolchilarni birinchi o‘yin vaqtida Isroil vakillarini “maymun” deb haqorat qilganlikda aybladi. Irlandiya futbol assosiasiyasi vakillari esa bu gapni ochiqchasiga yolg‘on deb atadi va matbuot anjumanini darhol yakunlab, zaldan chiqib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 4 oktyabr, yakshanba kuni Serbiyaning Bachka-Topola shahrida bo‘lib o‘tadi.