Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi Isroil bilan harbiy harakatlar boshlanganidan beri AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan bir necha bor telefon orqali gaplashgan.
Bu haqda Reuters agentligi ismi oshkor etilmagan bir necha diplomatga tayanib xabar berdi.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi telefon qo‘ng‘irog‘i Vashington tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Qo‘ng‘iroq chog‘ida AQSh maxsus vakili Yaqin Sharqdagi mojaroni hal qilish bo‘yicha yangi taklif bilan chiqdi. Bundan tashqari, janob Arag‘chi va Uitkoff may oyi oxirida Eronga yetkazilgan AQSh taklifini muhokama qildi. U Erondan tashqarida uranni boyitish bo‘yicha mintaqaviy konsorsium yaratishni o‘z ichiga oladi. Tehron hozircha bu taklifni rad etgan.
Oxirgi muzokaralar shu hafta bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi agentlik manbalari. Ularning so‘zlariga ko‘ra, suhbat ikki davlat aprel oyida boshlangan muzokaralardan beri eng mazmunli bo‘lgan. Janob Arag‘chi AQSh maxsus elchisiga, agar AQSh Isroilga hujumlarni to‘xtatish uchun bosim o‘tkazsa, Eron "yadroviy masalada moslashuvchan bo‘lishi mumkin", dedi. Aks holda Tehron muzokaralarga qaytmaydi, deya qo‘shimcha qildi Eron tashqi ishlar vaziri.
Eslatib o‘tamiz, Eron Islom Respublikasining yadroviy dasturi bo‘yicha AQSh bilan besh marta muzokaralar o‘tkazgan. Tomonlarning 15 iyunga belgilangan uchrashuvi bekor qilindi, chunki bundan ikki kun avval Isroil Eron yadro va mudofaa sanoati ob’ektlariga qarshi “Ko‘tarilgan sher” operasiyasini boshlagan edi. Shundan so‘ng Eron va Isroil o‘rtasida o‘zaro hujumlar boshlandi.