Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches payshanba kuni AQSh bojxona to‘lovini oshirishi munosabati bilan iqtisodiy tarmoq vakillari bilan shoshilinch sammit o‘tkazadi, deb xabar tarqatdi "El Mundo" gazetasi manbalarga tayanib.
Nashr yozishicha,payshanba kuni Sanches Monkloada Trampning “tarif tahdidi”dan jabr ko‘rgan soha vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazadi.
Rasmiylar milliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish uchun “mavjud barcha vositalar”dan foydalanishga tayyorlanmoqda. Uchrashuvga qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, vinochilik va metallurgiya sohalari vakillari taklif etilgan.
Sammit oldidan Sanches ish beruvchilar va kasaba uyushmalari vakillari bilan ham uchrashadi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp qarori bilan avvalroq mamlakat tashqarisida ishlab chiqarilgan avtomobillarga 25 foizlik yangi boj 2 apreldan kuchga kirishini ma’lum qilgan. Meksika va Kanadadan import qilinadigan tovarlarga 25 foizlik to‘lov joriy etilgan, Xitoy mahsulotlari uchun stavka 20 foiz oshirilgan.
Bunga javoban ko‘pgina davlatlar allaqachon qarshi choralar ko‘rgan yoki shu masalani muhokama qilishni boshlagan.