Fransiya rasmiysining aytishicha, Oq uydagi janjaldan so‘ng Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Donald Trampga yo‘llagan "yarashuv maktubi"ni tayyorlashda Fransiya diplomatlari ishtirok etgan, deb xabar bermoqda Politico nashriyoti.
Nashrning ta’kidlashicha, Parij, London va Berlindagi yuqori martabali diplomatlar Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi mojaradan keyin bir necha hafta davomida ikki rahbar o‘rtasidagi munosabatlarni qanday tiklash haqida "bosh qotirishgan". Politico "Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi munosabatlar hamon keskinligicha qolmoqda" deb yozmoqda.
Yarashuv maktubida Zelenskiy Tramp rahbarligida tinchlik yo‘lida ishlashga tayyorligini bildirgan va Oq uydagi janjalni "achinarli" deb atagan.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer o‘zining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jonatan Pauellga nizoni hal qilishni topshirgan, deb xabar qiladi Politico manbalarga tayanib.