KXDR qo‘shinlari Rossiyaning Xarkov va Sumi viloyatlariga hujumida ishtirok etishi mumkin.
Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Chernyak Yaponiyaning NHK telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, KXDR armiyasi allaqachon yo‘qotishlarga uchragan - Ukrainaga qarshi janglarda 5 mingga yaqin shimoliy koreyalik halok bo‘lgan, yana 6 mingga yaqini Kursk viloyatida bo‘lib, jang harakatlarida qatnashishni davom ettirmoqda.
Chernyakning ta’kidlashicha, KXDR bo‘linmalari o‘z tayyorgarligi va taktikasini takomillashtirgan: ilgari ular katta guruhlar bilan hujum qilib, Ukraina artilleriyasi va dronlari uchun oson nishonga aylangan bo‘lsa, endi kichik guruhlar bilan harakat qilmoqda.
Bosh razvedka boshqarmasi vakili qo‘shimcha qilishicha, Shimoliy Koreya harbiylari til to‘sig‘iga qaramay, rus askarlari bilan bevosita muloqot qilmasdan, buyruqlarni bajarmoqda va hujumlarda ishtirok etmoqda.
Ilgari The Wall Street Journal shimoliy koreyaliklarni jang maydonidagi eng xavfli raqiblardan biri sifatida ta’riflagan edi. Tahlilchilar va ukrainalik harbiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, ular jang sharoitlariga tezda moslashib ketmoqda. Pentagonning sobiq maslahatchisi Ruben F. Jonson aytishicha, KXDR armiyasi 50 foizgacha yo‘qotishga uchragan, shundan so‘ng Ukrainaga cheklangan miqdorda yangi jangchilar guruhi jo‘natilgan.