Bugun 2 may, 2025 yil, juma

КИР

Islom dinining ilohiy asoslari mavjud

Islom dinining ilohiy asoslari mavjud

Har bir jamiyatning e’tiqod masalalari, amaliy hayoti va ruhiy-ma’naviy jihatlari bo‘ladi. Bularsiz inson va u mansub bo‘lgan jamiyatning hayoti bo‘lishi mumkin emas.

Hatto dinni inkor qiluvchilarning ham o‘ziga yarasha e’tiqodi bo‘ladi. Zotan, «Dinga ishonmayman», deyishning o‘zi ham o‘ziga xos e’tiqod hisoblanadi.

Shuningdek, har bir inson jamiyatining ham kundalik hayotda amal qilishi lozim bo‘lgan shiorlari, o‘zaro va boshqalar bilan bo‘ladigan muomalalarini yo‘lga soladigan qoidalari, hayot kechirish jarayonida paydo bo‘ladigan amaliy muammolarni hal qilish yo‘llari bo‘ladi.

Inson jamiyati borki, uning axloq-odob qoidalari, insoniy sifatlarni hosil qilish va ularni hayotga tatbiq etish masalalari bo‘yicha o‘ziga xos tushuncha va uslublari mavjud.

Albatta, insoniyatni ikki dunyo saodati bilan ta’minlashi lozim bo‘lgan Islom dinining ham ushbu yo‘nalishlarda xizmat qiladigan ilohiy asoslari mavjud. Hozir o‘rganishni qasd qilib turganimiz «Jabroil hadisi» mazkur yo‘nalishlarni bayon qiladi.

عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: بَيْنَمَا نَحْنُ عِنْدَ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم ذَاتَ يَوْمٍ إِذْ طَلَعَ عَلَيْنَا رَجُلٌ شَدِيدُ بَيَاضِ الثِّيَابِ، شَدِيدُ سَوَادِ الشَّعَرِ، لَا يُرَى عَلَيْهِ أَثَرُ السَّفَرِ، وَلَا يَعْرِفُهُ مِنَّا أَحَدٌ، حَتَّى جَلَسَ إِلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم ، فَأَسْنَدَ رُكْبَتَيْهِ إِلَى رُكْبَتَيْهِ، وَوَضَعَ كَفَّيْهِ عَلَى فَخِذَيْهِ، وَقَالَ: يَا مُحَمَّدُ، أَخْبِرْنِي عَنِ الْإِسْلَامِ. فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: «الْإِسْلَامُ أَنْ تَشْهَدَ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ وَأَنَّ مُحَمَّدًا رَسُولُ اللهِ، وَتُقِيمَ الصَّلَاةَ، وَتُؤْتِيَ الزَّكَاةَ، وَتَصُومَ رَمَضَانَ، وَتَحُجَّ الْبَيْتَ إِنِ اسْتَطَعْتَ إِلَيْهِ سَبِيلًا». قَالَ: صَدَقْتَ. قَالَ: فَعَجِبْنَا لَهُ يَسْأَلُهُ وَيُصَدِّقُهُ، قَالَ: فَأَخْبِرْنِي عَنِ الْإِيمَانِ. قَالَ: «أَنْ تُؤْمِنَ بِاللهِ، وَمَلَائِكَتِهِ، وَكُتُبِهِ، وَرُسُلِهِ، وَالْيَوْمِ الْآخِرِ، وَتُؤْمِنَ بِالْقَدَرِ خَيْرِهِ وَشَرِّهِ». قَالَ: صَدَقْتَ، قَالَ: فَأَخْبِرْنِي عَنِ الْإِحَسَانِ. قَالَ: «أَنْ تَعْبُدَ اللهَ كَأَنَّكَ تَرَاهُ، فَإِنْ لَمْ تَكُنْ تَرَاهُ فَإِنَّهُ يَرَاكَ». قَالَ: فَأَخْبِرْنِي عَنِ السَّاعَةِ. قَالَ: «مَا الْمَسْئُولُ عَنْهَا بِأَعْلَمَ مِنَ السَّائِلِ». قَالَ: فَأَخْبِرْنِي عَنْ أَمَارَاتِهَا. قَالَ: «أَنْ تَلِدَ الْأَمَةُ رَبَّتَهَا، وَأَنْ تَرَى الْحُفَاةَ الْعُرَاةَ الْعَالَةَ رِعَاءَ الشَّاءِ يَتَطَاوَلُونَ فِي الْبُنْيَانِ». قَالَ: ثُمَّ انْطَلَقَ فَلَبِثْتُ مَلِيًّا، ثُمَّ قَالَ لِي: «يَا عُمَرُ، أَتَدْرِي مَنِ السَّائِلُ؟» قُلْتُ: اللهُ وَرَسُولُهُ أَعْلَمُ، قَالَ: «فَإِنَّهُ جِبْرِيلُ أَتَاكُمْ يُعَلِّمُكُمْ دِينَكُمْ». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va:

«Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber»,– dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Islom «Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh», deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘lga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing», – dedilar.

«To‘g‘ri aytding», – dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.

«Menga iymon haqida xabar ber», – dedi.

«Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing», – dedilar.

«To‘g‘ri aytding», – dedi.

«Menga ehson haqida xabar ber», – dedi u.

«Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur», – dedilar.

«Menga Soat(qiyomat)dan xabar ber», – dedi.

«So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas», – dedilar.

«Uning alomatlaridan xabar ber», – dedi.

«Cho‘ri o‘z xojasini tug‘moqligi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», – dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:

«Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?» – dedilar.

«Alloh va Uning Rasuli biluvchidir», – dedim.

«Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi», – dedilar».

Beshovlari rivoyat qilganlar.

Ushbu hadisi sharifda Islom, iymon, ehson nimaligi haqida ma’lumot berilmoqda. Hadisning oxirida esa ushbu narsalarning jami «din» deb atalmoqda. Demak, Islom dini uch asosiy tarmoqdan iborat ekan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam so‘rovchining «Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber» degan savoliga «Islom – «Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh» deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘lga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing», – deb javob berdilar.

Dinning amaliy qismi bo‘lgan shahodat kalimasini aytish, namoz o‘qish, zakot berish, ro‘za tutish va haj qilish kabi ibodatlarning Islom deb atalishini shundan bilib olamiz.

So‘rovchining «Menga iymon haqida xabar ber», degan so‘roviga Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing», – deb javob qildilar.

Bu iymonning shar’iy ma’nosi haqidagi, ya’ni «Shariat bo‘yicha iymon deb nimaga aytiladi?» degan savoldir.

Javobda esa shariat bo‘yicha iymonning bosh masalalari bo‘lgan ruknlar umumiy ko‘rinishda aytilmoqda.

Allohning borligiga, qadimiyligiga, azaliyligiga, abadiyligiga, ismlariga, sifatlariga va ishlariga to‘g‘ri ravishda iymon keltirish lozim.

Farishtalarga bo‘lgan iymon Alloh taolo va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek bo‘lishi kerak. Har bir mo‘min-musulmon odam farishtalarning sifatlariga, xizmatlariga va xususiyatlariga ham iymon keltirishi lozim.

Shuningdek, Allohning kitoblariga, payg‘ambarlariga iymon keltirish ham Qur’on va Sunnat ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lishi darkor.

Oxirat kuniga bo‘lgan iymon ham, yaxshiyu yomon qadarga iymon ham shariat ko‘rsatmasi bo‘yicha bo‘lishi lozim.

Iymon mazkur sifat va darajada bo‘lgandagina haqiqiy iymon bo‘ladi.

Dinning e’tiqod qismiga oid ta’limotlarining «iymon» deb atalishini shundan bilib olamiz.

Savol beruvchining uchinchi savoli «Menga ehsondan xabar ber», deyish bo‘ldi.

«Ehson» lug‘atda «yaxshilik qilish», «go‘zal ish» degan ma’nolarni anglatadi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam javobda ehsonning ta’rifini bayon qilib, «Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur», – dedilar.

Shundan kelib chiqib, musulmon odam har lahzada Alloh taoloni ko‘rib turgandek ixlos bilan yashamog‘i, U Zotning roziligini olishga harakat qilmog‘i kerak. Agar bu oliy maqomga erishishga ojizlik qilsa, har lahzasini «Alloh taolo meni ko‘rib turibdi» degan e’tiqod bilan o‘tkazib, o‘shanga yarasha harakatda bo‘lishi lozim. Ana o‘shandagina u ehsonning quyi darajasiga erishgan bo‘ladi.

Bu hadisda zikr qilingan uch narsaning hammasi qo‘shilib, «din» deyiladi, chunki ushbu savollarni bergan shaxs haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi», – dedilar».

Ya’ni «Uning bergan savollari odamlarga dinlarini o‘rgatish maqsadida berilgan savollar edi»,– dedilar. Demak, mazkur savollarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan berilgan javoblarda zikr qilingan masalalarning majmuasi «din» ekani tushuniladi.

Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, iymon, Islom va ehsonning birikuvidan din hosil bo‘lar ekan.

Iymon, ya’ni e’tiqod masalalariga oid ilohiy ta’limotlar to‘plami odatda «aqiyda» deb ataladigan bo‘lib qolgan. Bu qismga oid ilm «Aqoid ilmi» deyiladi.

Ushbu hadisda zikr qilingan dinning «Islom» deb atalgan amaliy qismi «shariat» ham deyiladi. Bu qismga oid masalalar bilan fiqh ilmi shug‘ullanadi.

«Ehson» dinning qalb tarbiyasiga bog‘liq qismi bo‘lib, u odatda «tariqat» ham deyiladi. Bu qismga oid diniy ta’limotlarni o‘rgatadigan ilm «tasavvuf ilmi» deb ataladigan bo‘lib qolgan.

Albatta, dinning mazkur uch tarkibiy qismiga oid ma’lumotlar faqat yuqorida zikr qilingan «Jabroil hadisi» bilan chegaralanib qolmagan, balki Qur’oni Karim, Sunnat va boshqa manbalarda kelgan ma’lumotlar bilan mukammal holga kelgan.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 21:37 03.02.2020. O'qildi: 5734 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!