O‘zbekistonda ish joylarida xavfsiz va o‘zaro hurmatga asoslangan mehnat muhitini ta’minlash bo‘yicha Milliy dasturni amalga oshirish boshlandi. Dastur xodimlarning huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, tazyiq, zo‘ravonlik va kamsitishning oldini olish, murojaatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.
Toshkentda o‘tkazilgan tadbirda davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar vakillari dasturni amaliyotga joriy etish bo‘yicha navbatdagi vazifalarni muhokama qildi.
Dastur doirasida 2026 yil dekabr oyiga qadar «Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti» raqamli portalini ishga tushirish rejalashtirilgan. Davlat tashkilotlari xodimlari u orqali qoidabuzarliklar haqida anonim xabar berishi, vakolatli organlar esa murojaatlarning ko‘rib chiqilishi va ko‘rilgan choralarni kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.
Dastur ijrosini Prezident Administrasiyasi huzuridagi Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisi muvofiqlashtiradi.