Qur’oni Karimdagi bir oyatni keltiramiz:
اللَّهُ الَّذِي خَلَقَكُم مِّن ضَعْفٍ ثُمَّ جَعَلَ مِن بَعْدِ ضَعْفٍ قُوَّةً ثُمَّ جَعَلَ مِن بَعْدِ قُوَّةٍ ضَعْفاً وَشَيْبَةً يَخْلُقُ مَا يَشَاءُ وَهُوَ الْعَلِيمُ الْقَدِيرُ
“Alloh sizni zaiflikda yaratgan, so‘ngra zaiflikdan keyin quvvatli qilgan, so‘ngra quvvatdan keyin yana zaiflik va qarilik oriz qilgan zotdir. U xohlaganini yaratur. U o‘ta ilmli va o‘ta qudratlidir” (Rum surasi, 54-oyat)
Xo‘sh, bu oyatdagi birinchi “zaiflik”, ikkinchi “zaiflik”, birinchi “quvvat”, ikkinchi “quvvat” va yana oxirgi “zaiflik” so‘zlari qanday ma’nolarni anglatadi?
Shu o‘rinda Qur’oni Karim lafzlariga aloqador bir qoidani keltirsak: “Gapda bir so‘z nakra (noaniq) holatda bir necha bor takrorlansa, har biri boshqa-boshqa ma’nolarni ifoda etadi”.
Demak, yuqoridagi oyatda zaiflik ma’nosini bildiruvchi (ضَعْفٍ) kalimasi nakra (noaniq) holatda uch bor takror kelgan. Har bir “zaiflik” kalimasi boshqa-boshqa zaiflikdir.
Birinchi zaiflik – insonning ona qornidagi homilalik paytidir.
Ikkinchi zaiflik – insonning go‘daklik davri bo‘lib, bu paytda chaqaloq onasini emadi, yaqinlarining yordamiga muhtoj bo‘ladi, taom yeyish, hojatga borish va hokazolarni ularning yordamisiz bajara olmaydi.
Uchinchi zaiflik – insonning keksalik davridir. Bu paytda odamning belidan, butun tana a’zolaridan quvvat ketib, zaif holda bo‘ladi. Shuningdek, uning xotirasi ham, ko‘z nurlari ham, yurishi va xatti-harakatlari ham zaif bo‘ladi.
Mazkur oyatda quvvat ( قُوَّةً) kalimasi ham ikki marta kelgan. Bular ham boshqa-boshqa quvvat ekanini anglatadi.
Birinchi quvvat – Insonning go‘daklik, yosh bolalik davridagi quvvat. Homila ona qornida zaif bo‘ladi. Tug‘ilib, onasini emib, quvvatga to‘la boshlagach, ko‘p harakat qiladigan bo‘ladi.
Ikkinchi quvvat – insonning voyaga yetib, kuch-quvvatga to‘lgan davridir. Bu paytda yigit va erkakning tanasi, sezgilari, himmati, g‘ayrati quvvatli bo‘lib, orzulari ko‘p bo‘ladi.
Mazkur oyat insonning butun hayotini qisqacha shaklda ifoda etyapti:
Ha, har birimiz hayotimiz davomida ana shu bosqichlarni bosib o‘tyapmiz.
Qarang, bitta oyatda insonning butun hayoti qisqa ko‘rinishda batafsil yoritib berilyapti. Har bir kalimalar o‘z o‘rnida, o‘z ma’nosini ifoda etyapti, hech qanday nomatunosiblik, ziddiyat yo‘q!
Oyatning umumiy ko‘rinishi, nazmi, uslubi, talaffuzi, o‘quvchining tiliga osonligi, tinglovchining quloqlariga yoqimli eshitilishi, mazmuniga, uslubiga, iboralariga xalal yetkazadigan narsalarning yo‘qligi va hokazo jihatlari Qur’on Buyuk va Qudratli Zot tomonidan nozil etilgan ilohiy kalom ekaniga yaqqol va aniq dalillardandir!
Manba: muslim.uz