Indoneziya vise-prezidenti Gibran Rakabuming Raka diplomining haqiqiyligi atrofidagi mojarodan so‘ng iste’foga chiqish haqida ariza topshirdi.
Jakarta Globe nashri xabar berishicha, bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, u tegishli arizani Indoneziyaning oliy qonun chiqaruvchi organi — Xalq maslahat kongressi rahbari Ahmad Muzaniga taqdim etgan.
«U murojaatini zudlik bilan ko‘rib chiqishni so‘radi. Bugunning o‘zida kongress rahbariyati uning iste’fosi masalasida uchrashuv o‘tkazadi», — deya Muzanining so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr.
39 yoshli Gibran Rakabuming Raka 2023 yilda avj olgan o‘rta ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatlarining haqiqiyligi bilan bog‘liq mojaro markazida bo‘lib kelmoqda.
O‘shanda ijtimoiy tarmoqlarda uning aslida o‘rta ta’lim muassasasini tamomlamagani, o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi qonuniy diplomga ega emasligi esa uning 2024 yilgi saylovlarda vise-prezidentlikka nomzod sifatida ishtirok etishini haqiqiy emas deb topish uchun asos bo‘lishi haqidagi da’volar keng tarqalgan edi.
Keyinchalik sobiq adliya vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi bir guruh faollar mamlakat Oliy sudiga petisiya bilan murojaat qilib, vise-prezidentning saylovlarda ishtirokini bekor qilish va uni lavozimidan mahrum etishni talab qilgan.