9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofotini to‘lanadi.
Shuningdek, bu kunda urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, yolg‘iz va kam ta’minlangan faxriylarning turar joylarini obodonlashtirish, turli xotira va qadrlash tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Vatan fidoyilarining xotirasi ham ulug‘lanadi. Ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.
Mudofaa vazirligi ofiserlariga xizmat yillari uchun to‘lanadigan har oylik ustama miqdori ikki baravarga oshiriladi, kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik pul ta’minotini 10 foizga ko‘paytiriladi.
Hozirgi kunda 4 ta oliy ta’lim va 2 ta oliy harbiy ta’lim muassasasining harbiy tayyorgarlik o‘quv markazlari va fakultetlarida 42 ta mutaxassislik bo‘yicha rezerv va zaxiradagi ofiserlar tayyorlanmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda Urganch, Termiz, Andijon davlat universitetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Andijon davlat tibbiyot institutida yana 5 ta harbiy tayyorgarlik o‘quv markazini tashkil etiladi.
Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalarida qo‘shimcha ravishda “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha 3 yillik bakalavriat ta’limi asosida rezerv va zaxiradagi ofiserlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Harbiy tibbiyot institutida esa ilk bor klinik ordinatura va magistraturaga qabul qilingan hamda harbiy tayyorgarlikdan o‘tish istagini bildirgan talabalar to‘lov-kontrakt asosida o‘qitiladi. Bunday imkoniyat nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun ham yaratiladi.