Bugun 13 aprel, 2026 yil, dushanba

КИР

O‘zgidromet kuchli yomg‘ir, shamol va harorat pasayishidan ogohlantirdi

O‘zgidromet kuchli yomg‘ir, shamol va harorat pasayishidan ogohlantirdi

Dushanba va seshanba kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va juda iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunduz kunlari havo +25…+30 darajagacha isiydi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Respublikaning g‘arbiy hududlariga 14 aprel kuni nam havo oqimi kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kechga tomon Buxoro viloyatida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan kuzatiladi.

15−16 aprel kunlari nam havo massalari respublika hududiga tarqaladi. Barcha viloyatlar bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda kuchli bo‘ladi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qayd etiladi. Kunduzgi havo harorati +13…+16 darajagacha pasayadi.

17 aprelda faqat respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlarida ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan kuzatiladi. Respublikaning baland tog‘li hududlarida 15−17 aprel kunlari ba’zi joylarda yomg‘ir qorga aylanishi kutilmoqda.

14 aprelda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarida, 15−16 aprel kunlari respublikaning barcha hududlari bo‘yicha shamol tezligi 15−20 m/s gacha, ba’zi joylarda esa ba’zida 25−28 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi kutilmoqda.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahrida 13−14 aprel kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +26…+29 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan birozdan o‘rtacha tezlikgacha esadi.

15−17 aprelda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Shamol tezligi 12−15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Kunduzgi harorat +13…+16 darajagacha pasayadi.

Kiritildi: Bugun 15:15. O'qildi: 495 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!