Mansabdor shaxslar tomonidan noqonuniy boylik orttirish maqsadida xizmat mavqeini suiiste’mol qilish – jamiyat va davlat boshqaruvi tizimi uchun jiddiy xavf hisoblanadi.
Bunday holatlar qonun ustuvorligiga putur yetkazib, adolat prinsipining buzilishi hamda davlat organlari faoliyatining shaffofligi va samaradorligi pasayishiga sabab bo‘ladi.
Jumladan, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi inspektori o‘z xizmat mavqeini suiste’mol qilgan holda, noqonuniy boylik orttirmoqchi bo‘ldi.
Xususan, u Toshkent shahrida yashovchi, 1995 y.t. fuqaroga tegishli 7 turdagi, jami 187 dona qadoqda bo‘lgan mineral o‘g‘it mahsulotlarini “Navoiy” chegara bojxona posti orqali o‘tkazib berganligi evaziga 20 mln so‘m talab qilgan.
Mazkur noqonuniy harakat Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fosh etildi.
Inspektor so‘ralgan pul mablag‘ini poytaxtning Olmazor tumani hududida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.