Livan Hizbulloh harakatining qurolli qanoti Livan janubidagi aksariyat harbiy obektlarini nazorat qilishni mamlakat muntazam armiyasiga topshirdi. Bu haqda tashkilotga yaqin manbaga tayanib, AFP agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, "Litani daryosining janubida joylashgan 265 pozisiyadan 190 ga yaqini armiyaga topshirilgan". Bu Isroil va Hizbulloh o‘rtasidagi bir necha oylik janglardan so‘ng 2024-yil noyabrida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi shartlarini amalga oshirish doirasida amalga oshirilmoqda.
Isroil-Livan chegarasidagi to‘qnashuvlar 2023-yil 8-oktyabrda, G‘azoda urush boshlangan bir paytda boshlangan. 2024-yil sentyabriga kelib, ular Isroil Livanga havo hujumlari va quruqlikdagi operasiyani boshlagan holda keng ko‘lamli urushga aylandi. Natijada 4 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi va butun tumanlar vayron bo‘ldi.
O‘t ochishni to‘xtatish shartlariga ko‘ra, Tel-Aviv 18-fevralgacha o‘z qo‘shinlarini Livan janubidan olib chiqib ketishi kerak edi, biroq manbalarga ko‘ra, Isroil harbiylari hamon chegara yaqinida beshta “strategik muhim” pozisiyani egallab turibdi.
O‘z navbatida, Hizbulloh bo‘linmalari Litani shimoliga chekindi va Livan armiyasi o‘z pozisiyalariga o‘tdi.
Shu fonda AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Morgan Ortagus o‘tgan hafta Bayrutda Livan rasmiylari bilan Hizbullohni qurolsizlantirish masalasini muhokama qildi. U LBCI telekanalida so‘zlagan nutqida: "Biz hukumatga harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish, jumladan Hizbulloh va barcha qurolli guruhlarni qurolsizlantirish uchun bosim o‘tkazishda davom etamiz", dedi. Bu "imkon qadar tezroq" bo‘lishi kerak, dedi u.