Hindistonning Nyu Dehli aeroportida bortida 232 nafar yo‘lovchi bo‘lgan samolyot dvigateli yonib ketdi. Bu haqda The Times of India xabar berdi.
Hodisa Swiss Airlines (Shveysariya)ga tegishli LX0147 reysi havoga ko‘tarilish uchun tezlikni oshirayotgan paytda sodir bo‘lgan. Dastlab dvigatellardan biri ishlamay qolgan, shundan so‘ng unda yong‘in chiqqan.
Ekipaj parvozni to‘xtatgan va evakuasiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Bortda 232 nafar yo‘lovchi, jumladan, to‘rt chaqaloq, shuningdek, ekipaj a’zolari bo‘lgan. Ulardan olti nafari jarohat olgan va kasalxonaga yotqizilgan. Voqeadan so‘ng uchish-qo‘nish yo‘lagi yopilgan.
Swiss Airlines aviakompaniyasi voqea haqida xabardorligini, hozirda dvigatel ishdan chiqishi va yong‘in sabablari tekshirilishini ma’lum qildi. Hindistonga vaziyatni aniqlash uchun texnik mutaxassislar yuboriladi.