Janubiy Koreyada vafot etgan o‘zbekistonlik Kim Nozima Akmal qizining o‘limi yuzasidan tarqalayotgan turli tasdiqlanmagan xabarlar ortidan O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, holat yuzasidan Koreya huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda tergov ishlari olib borilmoqda.
Elchixona ma’lum qilishicha, voqea sodir bo‘lgan kundan buyon Koreya polisiyasi bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, tergov jarayonlarining xolis va to‘liq o‘tkazilishi ta’minlanmoqda. Shu maqsadda marhumaning onasi Feruza Alimbekova ham Koreyaga taklif etilgan.
14 aprel kuni Pyontek shahrida marhumaning onasi, uning advokati hamda elchixona xodimlari ishtirokida mahalliy polisiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda tergov jarayoni va qo‘shimcha tekshiruv natijalari haqida ma’lumot berilgan.
Koreya huquq-tartibot organlari dastlabki tergov va sud-tibbiy ekspertiza xulosalariga ko‘ra, marhumaning o‘limida qotillik alomatlari aniqlanmaganini bildirgan. Shuningdek, chuqurlashtirilgan tahlillar natijasida o‘lim holati o‘z joniga qasd qilish tashxisi asosida qayd etilgani ma’lum qilingan.
Ekspertiza jarayonida DNK, qon va barmoq izlari tekshirilgani, tanada zaharli moddalar yoki kuchli zarba izlari aniqlanmagani qayd etilgan. Shuningdek, voqea sodir bo‘lgan joy va tibbiy muassasalardagi kuzatuv kameralari yozuvlari marhumaning yaqinlariga taqdim etilgan.
Koreya polisiyasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ayrim suratlar rasmiy tergov doirasida olinmaganini va ularni tarqatish mamlakat qonunchiligiga zid ekanini ta’kidlagan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi mazkur holatni nazoratga olgan bo‘lib, Koreya tomoni bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.
Elchixona fuqarolarni marhumaning xotirasini hurmat qilishga va tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.