Hindiston Xitoy bilan chegarada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida chegara polisiyasi bo‘linmalarini maxsus harbiy guruhlarga aylantirmoqda. Harbiy xizmatchilar yaqin masofadagi janglar, baland tog‘li hududlarda harakatlanish, dronlar yordamida kuzatuv olib borish va mahalliy to‘qnashuvlarga tezkor javob qaytarish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tmoqda. Bu haqda Nikkei Asia xabar berdi.
2020 yilda Galvan vodiysida Xitoy va Hindiston harbiylari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berganidan so‘ng Hindiston –Tibet chegara polisiyasi tarkibida “Shaurya” maxsus bo‘linmalari tashkil etilgan. Hozir ularni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chegara polisiyasi rahbariyati ularning faoliyatini ijobiy baholamoqda.
Yangi bo‘linmalar Hindistonning Xitoy bilan bahsli chegara hududlarini qo‘riqlash va ehtimoliy to‘qnashuvlarga tezkor javob qaytarish imkoniyatlarini kuchaytirishi kutilmoqda.
Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi Himolay tog‘lari hududidan o‘tuvchi chegara hanuz to‘liq kelishib olinmagan. Mamlakatlar hududlari 1962 yilgi Xitoy–Hindiston urushidan keyin belgilangan Amaldagi nazorat chizig‘i (LAC) orqali ajratilgan. Biroq tomonlar sharqdagi Arunachal-Pradesh va g‘arbdagi Aksaychin hududlari yuzasidan haligacha hududiy da’volarga ega.