Bugun 7 may, 2025 yil, chorshanba

КИР

Harbiy prokuraturaning vakolati kengaydi

Harbiy prokuraturaning vakolati kengaydi

Qurolli Kuchlari tizimida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangani munosabati bilan “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Bunga nima zarurat bor edi? Yangi me’yorlar kuchga kirishi bilan nimalar o‘zgardi? Bu savollarga O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi axborot xizmati boshlig‘i Sherzod Hayitov javob berdi:

– Mamlakatimiz mudofaasi, xavfsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, zamonaviy armiyani shakllantirish hamda harbiy xizmatchilarni va Qurolli Kuchlar tizimi xodimlarini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Shunday keng qamrovli islohotlar va sa’y-harakatlar natijasida harbiy yo‘nalishdagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatish masalalari alohida dolzarb ahamiyat kasb etdi.

Shu munosabat bilan Prezidentimizning 2022 yil 23 dekabrdagi farmoni bilan muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bungacha chorak asr davomida harbiy prokuratura organlari faoliyati bilan bog‘liq islohotlar amalga oshirilmagan edi.

Farmonda Harbiy prokuratura zimmasiga uning Qurolli Kuchlarda qonunchilik hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, harbiy prokuratura organlari, shu jumladan, tashkiliy-shtat tuzilishiga va faoliyatga doir boshqa masalalarga oid qator vazifalar yuklatildi.

Ushbu farmon bilan Harbiy prokuratura tashkiliy-shtat tuzilmasi va ta’minoti Mudofaa vazirligidan Bosh prokuraturaga o‘tkazildi.

Bosh prokuror va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuroriga harbiy prokuratura organlariga harbiy xizmatga qabul qilish va undan bo‘shatish, xodimlarga belgilangan tartibda harbiy unvonlar berish vakolatlari berildi.

Qurolli Kuchlar vazirlik va idoralari Harbiy hay’atining, harbiy okruglar harbiy kengashlarining davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini, aholining tinch hayotini ta’minlashda qonuniylikni ta’minlash borasida Harbiy prokuror va hududiy harbiy prokurorlar mas’uliyatini oshirish ko‘zda tutildi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu kabi yangilik va o‘zgarishlar hamda farmonda belgilangan qator vazifalar “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonun normalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo etdi.

Shundan kelib chiqib “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan “Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.

Mazkur qonunga ko‘ra, harbiy unvonlar berish va oliy darajali harbiy unvonlar berish to‘g‘risidagi taqdimnoma bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat etish Bosh prokuror vakolatiga kiritildi.

Shuningdek, Bosh prokuror o‘rinbosari – Harbiy prokurorning besh yillik vakolat muddati, yoshi yigirma beshdan kichik bo‘lmasligi, xodimlarni muayyan lavozimlarga tayinlash va ozod etishdagi, shu bilan birga, o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlar uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar, ko‘rsatmalar, farmoyishlar chiqarish vakolatlari qonuniy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi.

Prokuratura organlari va muassasalarida xizmatni o‘tash, prokuratura organlari va muassasalarining xodimlariga darajali unvonlar va harbiy unvonlar berish hamda ulardan mahrum etish, ularni rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish tartibi “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari va muassasalarida xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi nizomda, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilanishi nazarda tutildi.

Umuman olganda, “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning 9 ta moddasiga va jami 18 ta normasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Muxtasar aytganda, ushbu yangilik va o‘zgarishlar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida qonunlarning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha harbiy prokuratura organlarining chinakam mustaqil faoliyati uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida, shu jumladan, byudjet mablag‘lari va davlat mulkini talon-toroj qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirishga zamin yaratadi.

Kiritildi: 16:53 04.12.2023. O'qildi: 2366 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!