AQShda har yili o‘n minglab mahbuslar qamoqda Islomga kirayotgani kuzatilmoqda. "CBS Mornings"ning "Lisa Ling bilan ruhiyat holati" turkumining so‘nggi qismi nima uchun bu din panjaralar ortidagi ko‘pchilikni o‘ziga jalb qilayotganini o‘rgandi.
Qamoqxonada Islomga kirish
Rami Nsour aksariyat kunlari o‘zining mahalliy pochta bo‘limiga boradi va pochta qutisini mamlakatning turli burchaklaridan kelgan, undan ruhiyat yo‘l-yo‘riq va Islomiy ta’lim manbalari so‘rab yozilgan mahbuslarning xatlari bilan to‘la holda topadi. Nsour AQShda mahbuslarga Islomiy ta’lim bo‘yicha masofaviy o‘quv dasturini taklif etgan ilk tashkilot - Tayba Foundation asoschisi va rahbaridir.
"Taxminan 15 yil oldin boshlaganimizda, bu musulmon mahbuslardan eshitgan asosiy ehtiyoj edi," dedi Nsour. "Shuning uchun biz bu bo‘shliqni to‘ldirish va ehtiyojni qondirish maqsadida ushbu tashkilotni tashkil etdik."
Islom AQSh qamoqxonalarida eng tez o‘sib borayotgan dindir. Nsourning aytishicha, uning tashkiloti 13 000 dan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatgan va ularning taxminan 90 foizi islomni qabul qilgan, ko‘pchiligi esa qamoqda bo‘lgan paytida. Nsourning fikricha, ko‘pchilik qamoqxonada bo‘lganida islomga kirishadi, chunki u yerda jismoniy va ruhiy cheklovlar juda ko‘p, odamlar esa e’tiqod orqali ma’naviy ozodlikni topadilar.
"Chunki unda bo‘ysunish darajasi bor, shuning uchun siz ma’lum bir tartibga bo‘ysunasiz, besh vaqt namoz o‘qiysiz, muayyan usul bor," deb tushuntirdi Nsour. "Ular bu devorlar endi ularni cheklay olmasligini anglab yetadilar."
Aminning hikoyasi
Muhammad Amin Anderson islomga ko‘p sabablar tufayli, jumladan, u bergan ma’naviy erkinlik uchun ham jalb qiziqqan. U to‘da bilan bog‘liq qotillik uchun 30 yillik qamoq jazosining taxminan ikki yilidan so‘ng islomni qabul qilgan.
"Qamoqxonaga kelganimda, menda insoniylik yo‘q edi... lekin qamoqxonaga kirganimdan so‘ng, men insoniyligimni qayta topdim," dedi u, bunda Islomning yordam berganini ta’kidlab.
Filadelfiyada tug‘ilgan Kristofer Anderson ruhoniyning o‘g‘li edi, biroq o‘smirlik paytida u ko‘cha hayotiga qo‘shilib ketdi.
"Aslida, men taxminan bir yarim yil mobaynida giyohvandlikka mubtalo bo‘lganman," dedi u. "Bir guruh yigitlar bilan aloqada bo‘ldim va ular shahrimizda giyohvand moddalar sotishardi."
Yigirma yoshlarida Anderson jinoiy guruh bilan bog‘liq qotillikda ishtirok etdi. Qamoq kamerasiga tushgach, u o‘z hayoti, e’tiqodi va ruhiyati haqida chuqur o‘ylay boshladi.
"Qamoqxonadagi yillarimni boshqa dinlarni o‘rganishga bag‘ishladim," dedi u. "Faqat Islom men uchun ma’noli tuyuldi."
Andersonning ruhiyati chuqurlashgan sari, u Tayba jamg‘armasi va Nsour bilan aloqa o‘rnatdi. Nsour qamoqxonada Andersonga telefon orqali ta’lim bera boshladi.
"O‘z-o‘zini o‘rganish orqali erishish mumkin bo‘lgan narsalar cheklangan," deb tushuntirdi Nsour. "Shuning uchun men unga qo‘ng‘iroq qila boshladim, materiallar yubordim, savollariga javob berdim va 17 yil davomida uni shunchalik o‘qitdimki, u qamoqxonalarda dars bera oladigan darajaga yetdi."
Islomga o‘tish haqidagi noto‘g‘ri qarashlar
Qamoqxonada odamlarning islomni qabul qilish sabablari haqida hanuzgacha keng tarqalgan yanglish tushunchalar mavjud. Ba’zilar mahbuslar bu din ta’sirida radikallashmoqda, deb o‘ylaydi. Ammo Nsourning aytishicha, bu mutlaqo haqiqatdan yiroq.
"Statistika buni tasdiqlamaydi," dedi u. "Bunday holat uchraydimi? Ha. Lekin bu xuddi qamoqxonada radikallashgan va keyinchalik terrorchilik harakatini sodir etishi mumkin bo‘lgan xristian ekstremistlari kabi kamdan-kam uchraydigan holat."
Milliy axloq tuzatish instituti ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda musulmon mahbuslarning radikallashuvi tufayli zo‘ravonlik juda kam uchraydi va buning sodir bo‘layotganiga deyarli hech qanday dalil yo‘q. Aslida, Nsuorning ta’kidlashicha, ko‘p kishilar musulmon mahbuslarning xatti-harakatlarini kuzatib, bu dinga qiziqib qolishadi.
"Ular bu odamning boshqalardan farq qilishini sezishadi. U qamoqxonadagi boshqa odamlar kabi xato yo‘lga kirib ketmayapti," dedi Nsur. Shunday qilib, ular undan so‘rashadi va u: "Bu mening islomim va mening islomim menga fe’l-atvorimni shakllantirish haqida ta’lim beradi," deb javob beradi.
Ikkinchi imkoniyat
Anderson to‘liq jazo muddatini o‘tab, iyul oyida qamoqdan ozod etildi. Shartli ravishda ozodlikka chiqarish bo‘yicha o‘tkazilgan majlisda rais uni namunali mahbus deb ataganini aytdi. Anderson bunday ta’rifga sazovor bo‘lishida va hayotini o‘zgartira olishida Islomning o‘rni borligini ta’kidladi. Endi qamoqxona devorlaridan tashqarida Anderson o‘z vazifasi endigina boshlanayotganini his qilmoqda va unga ikkinchi imkoniyat berilganidan minnatdor.
"Menimcha, Xudo menga insoniyatga xizmat qilishim uchun ikkinchi imkoniyat berdi," dedi u. "Chunki men hayotdan mahrum qilgan odamning ikkinchi imkoniyati yo‘q. Shuning uchun, men uning oldida qarzdorman. Uning oilasi oldida qarzdorman. Hayotimni foydali ishga sarflash orqali uning farzandlari oldidagi qarzimni uzishim kerak."
Anderson hozirda Tayba jamg‘armasida ishlamoqda va osoyishta, ibodatli hayot kechirishdan mamnun. Nsuor CBS News telekanaliga 15 yillik tajribasida mahbuslarning qamoqxonadan chiqqandan so‘ng Islomni rad etish hollari juda kam uchraganini aytdi. Uning fikricha, bu Islomning shunchaki panjara ortidagi o‘tkinchi holat emasligini ko‘rsatadi.