Qo‘shma Shtatlar Davlat kotibi Marko Rubio Ukraina urushida harbiy jinoyatlar sodir etilganini tan oldi, biroq Rossiya prezidenti Vladimir Putinni “harbiy jinoyatchi” deb atashdan bosh tortdi.
Demokrat kongressmen Bill Kiting davlat kotibidan bir necha bor "Putinni harbiy jinoyatchi deb hisoblaysizmi?" deb so‘radi.
"Bu juda oddiy savol. U harbiy jinoyatchimi? Biz muzokaralar olib borayotgan odam, Vladimir Putin harbiy jinoyatchimi?", — dedi Kiting.
Rubio esa shunday javob berdi: "Men sizning savolingizga javob berishga harakat qilyapman va aytmoqchimanki, biz urushni tugatishga harakat qilyapmiz. Harbiy jinoyatlar sodir etilgan. Bunga shubha yo‘q. Buning uchun kim javobgar bo‘ladi? Buni aniqlashning o‘z fursati keladi. Ammo hozirgi vazifa — urushni yakunlash".