UFC sobiq chempioni Habib Nurmagomedov yana soliq bilan bog‘liq muammolar sabab e’tibor markazida. “Mash na sporte” nashri xabariga ko‘ra, sportchining bankdagi hisoblari Rossiya Federal soliq xizmati tomonidan bloklangan. Sababi, u 2024 yil uchun daromad deklarasiyasini o‘z vaqtida topshirmagan.
Bu Habibning moliyaviy muammolarga duch kelishi bo‘yicha ilk holat emas. O‘tgan yili ham sud ijrochilari Nurmagomedovning 79 million rublga teng mol-mulkini xatlagan edi. Chunki unda 302 million rubl miqdoridagi soliq qarzi mavjud bo‘lgan.
Bundan tashqari, Habibga tegishli Eagle FC promousheni, unga aloqador xayriya fondi va shaxsiy hisoblar ham vaqtincha bloklangan edi. Ammo oradan bir hafta o‘tib, Nurmagomedov qarzdorlikni to‘liq qoplab, mol-mulklariga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlangandi.