«Manchester Siti» klubi va bosh murabbiy Xosep Gvardiola mavsum yakunlanganidan so‘ng hamkorlikni davom ettirish-ettirmaslik masalasini hal qiladigan muhim uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda X ijtimoiy tarmog‘idagi Topskills Sports UK akkaunti xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Gvardiolaning kelajagi yaqin oylardagi natijalarga bog‘liq bo‘ladi. Agar 2025/2026 yilgi mavsum klub rahbariyati kutgan natijalarni bermasa, uning ketishi real variant sifatida ko‘rilmoqda. Qayd etilishicha, «shaharliklar» Gvardiola 2026 yil yozida jamoani tark etgan taqdirda, ehtimoliy o‘rinbosar sifatida italiyalik mutaxassis Enso Mareskaning vakillari bilan aloqaga chiqqan.
Aytilishicha, Mareska «Man Siti»da ishlashga juda qiziqmoqda va bosh murabbiy lavozimini egallashga tayyor.
Gvardiolaning «Manchester Siti» bilan shartnomasi 2027 yil yoziga qadar amal qiladi. APLning 22 ta uchrashuvidan so‘ng «shaharliklar» 43 ochko jamg‘arib, ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.