Bu haqda DW xabar bermoqda.
"Gruziyada 4 oktyabr kuni mahalliy saylovlar bo‘lib o‘tmoqda, unda shahar merlari va mahalliy boshqaruv organlariga ikki mingdan ortiq deputat saylanadi. Biroq ko‘plab muxolif partiyalar saylovlarda ishtirok etishdan bosh tortdi, ular bu saylovlarning natijalari hokimiyatdagi “Gruziya orzusi” partiyasi foydasiga soxtalashtiriladi, deb hisoblamoqda. Saylovlarning boykot qilinishiga yana bir sabab ko‘plab muxolifat yetakchilarining hibsga olinishi bo‘ldi", deya yozmoqda nashr.
Muxolifat saylovda qatnashish o‘rniga katta norozilik namoyishi o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Ularning aytishicha, bundan maqsad “tinch yo‘l bilan hokimiyatni ag‘darish”. Opera xonandasi va “Rustaveli prospekti” harakati rahbari Paata Burchuladze ushbu namoyishlarda 200 mingdan 300 minggacha odam ishtirok etishini bildirgan. Tbilisi markazida namoyish uchun sahna o‘rnatilmoqda.
Milliarder va “Gruziya orzusi” partiyasining faxriy raisi Bidzina Ivanishvili muxolifatni “davlat to‘ntarishiga urinishda” ayblab, mamlakat aholisi “o‘z birligini, yutuqlarini va so‘nggi yillardagi erishilgan natijalarni himoya qilishi” kerakligini ta’kidladi.
Mamlakatning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili 4 oktyabrdagi namoyishlarni "mamlakatni saqlab qolish uchun oxirgi imkoniyat" deb atadi.
Siyosatshunos Tornike Sharashenidze bu harakatlarning samaradorligiga shubha bilan qaramoqda. U 2024 yilning dekabr oyida o‘tkazilgan yirik namoyishlar ham natija bermaganini eslatdi.
"O‘shanda muxolifat birlashgan edi, mablag‘ bor, prezident ham ularning tarafdori Salome Zurabishvili bo‘lgan. Qo‘shimchasiga, G‘arbning amaldagi hokimiyatga bosimi ham katta edi. Avval inqilob bo‘lishi haqida e’lon qilib, keyin esa uning haqiqatan ham ro‘y bergani biror bir holatni bilmayman. Bularning bari kulgili va qayg‘uli", — dedi u Deutsche Welle'ga bergan intervyusida.