Tibbiyot xodimlarining asosiy vazifasi odamlarni davolash ekanligi hammaga ma’lum. Ammo tibbiyot xodimlari odamlarni davolash bilan birga kasallikning kelib chiqish sabablarini, ana shu sabablarni bartaraf etish chora-tadbirlarini ham bilishlari lozim.
Bunday bilimni ular gigiyena fani orqali egallaydilar. Gigiyena yunoncha so‘z bo‘lib, hygicinos — sog‘lom degan ma’noni anglatadi.
Gigiyena inson vujudi va faoliyatini tashqi muhit bilan uzviylikda o‘rganadi va tashqi muhit sog‘lom bo‘lmay turib, inson sog‘lig‘ini ta’minlab bo‘lmaydi, deb o‘rgatadi.
Tashqi muhit deganda tabiiy va ijtimoiy sharoitlar belgilaydigan omillar majmui — yer, suv, havo, oziq-ovqat va shu kabilar tushuniladi.
Inson organizmiga tabiatda beto‘xtov sodir bo‘lib turadigan kimyoviy, biologik, radioaktiv omillar o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, ammo insonga tabiatning o‘zi ato etgan tabiiy moslanuvchanlik xususiyati bunday ta’sirlarga qarshi turib, kasallik paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Gigiyena fani tashqi muhit omillarining inson organizmiga ta’sirini tadqiq qilib, olingan ma’lumotlar asosida tashqi muhitni, inson yashaydigan va mehnat qiladigan shart-sharoitlarni yaxshilash, inson sog‘lig‘ini mustahkamlashning me’yor va qoidalarini, yuqumli kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi.