Germaniyaning davlat qarzi tarixiy maksimumga yetib, 2,819 trillion yevrodan oshdi.
Bild gazetasi xabar berishicha, bu haqda Pleite-Uhr («Bankrotliklar hisoblagichi») prognoz makroiqtisodiy ko‘rsatkichi ma’lumotlarida qayd etilgan.
Amaldagi hisob-kitob modellariga ko‘ra, mamlakatda korporativ sektor va mehnat bozoridagi vaziyat bir vaqtning o‘zida keskin yomonlashmoqda. Yil boshidan buyon yuridik shaxslarning bankrotlik holatlari soni 21 303 taga yetgan. Matematik model Germaniyada har 20 daqiqada bitta kompaniya faoliyatini to‘xtatayotganini ko‘rsatmoqda. Faqat 24–28 oktyabr kunlari, ya’ni so‘nggi to‘rt kun ichida, 357 ta Germaniya korxonasi to‘lovga qobiliyatsiz deb topilgan.
So‘nggi kunlarda bankrot bo‘lgan korxonalar orasida 150 yillik tarixga ega, mamlakatdagi eng qadimiy qog‘oz fabrikalaridan biri — Tullau Pappen, shuningdek, Mercedes-Benz avtomobil konserni uchun butlovchi qismlar yetkazib beruvchi yirik korxona — Aios zavodi ham bor. Ushbu zavodda taxminan 300 nafar xodimning ishdan bo‘shatilishi xavfi mavjud.
Shu bilan birga, aholi bandligi bilan bog‘liq vaziyat ham yomonlashmoqda. Yil boshidan buyon ishdan ayrilish bilan bog‘liq ro‘yxatga olingan arizalar soni 5 935 856 taga yetgan. Mutaxassislar baholashicha, ishsizlar soni har to‘rt soniyada yana bir kishiga ko‘paymoqda.