Germaniya NATO mudofaasini kuchaytirish bo‘yicha Yevropa miqyosidagi tashabbuslar doirasida 2500 ta jangovar bronetexnika va 1000 ta Leopard 2 jangovar tankini xarid qilish imkonini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri, vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, NATO Berlindan kelasi o‘n yil ichida alyans uchun yettigacha jangovar brigada tuzishni so‘ragan.
🛡 Rejalashtirilayotgan buyurtma shunday texnikadan iborat bo‘ladi:
1000 ta Leopard 2 jangovar tanki (ishlab chiqaruvchilar — KDNS va Rheinmetall),
2500 ta GTK Boxer bronetransportyori (ARTEC tomonidan ishlab chiqariladi — KDNS va Rheinmetall qo‘shma korxonasi).
Qarorlar yaqin oylarda yakuniy ko‘rinishga keltirilishi kutilmoqda. Germaniya parlamenti xaridga yil oxirigacha rozilik berishi mumkin.
🔄 Bundan tashqari, Germaniya shu yil boshida Fuchs bronetexnikasi o‘rnini bosadigan 1000 dan ortiq Patria modulli bronetexnikasini xarid qilishga dastlabki rozilik olgan.
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius iyun oyida bundesver safini 60 ming askarga oshirish rejasini e’lon qilgan. Bu — hozirgi armiya sonining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi.