Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi G‘azo sektoridagi og‘ir gumanitar vaziyatga xalqaro hamjamiyat va ommaviy axborot vositalari e’tibori susayganini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, hududda jimjitlik ostida genosid davom etmoqda.
«Tasnim News» xabariga ko‘ra, Aroqchi payshanba kuni o‘zining rasmiy X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida G‘azodagi halokatli vaziyat uzoq vaqtdan beri G‘arb ommaviy axborot vositalari sarlavhalarida deyarli yoritilmayotganini yozgan.
«Jimjitlik ostida genosid davom etmoqda va unga deyarli e’tibor qaratilmayapti», — deb ta’kidlagan vazir.
Aroqchining fikricha, bu holat sharmandalikdir. Uning ta’kidlashicha, Isroil jamoatchilik e’tiborini o‘z muvaffaqiyatsizliklaridan chalg‘itish maqsadida yangi urush qo‘zg‘ashga urinayotgan bir paytda, ma’lum ma’noda bunga erishmoqda.