G7 guruhiga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari Eronni yadroviy dasturi bo‘yicha Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorlikni qayta boshlashga chaqirishdi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra qabul qilingan qo‘shma bayonotda shunday deyiladi:
«Biz Eronni inspeksiya qilinishi mumkin bo‘lgan, barqaror va barcha jabhani qamrab oladigan yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralarni qayta tiklashga chaqirmoqdamiz».
Bayonotda, shuningdek, mintaqaviy beqarorlikni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan voz kechish lozimligi ta’kidlangan.
G7 rahbarlari Eronning Yadroviy qurolni tarqalishini oldini olish to‘g‘risidagi shartnomaga (DNYAO) sodiq qolishi zarurligini uqtirgan.
Shu bilan birga, G7 davlatlari Isroil xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashlarini va Yaqin Sharqda tinchlik hamda barqarorlikka sodiq ekanliklarini yana bir bor ta’kidlashdi.