Bugun 27 iyul, 2026 yil, dushanba

КИР

Fransiyadagi Fontenblo o‘rmonining 10 foizi yong‘in tufayli kulga aylandi

Fransiyadagi Fontenblo o‘rmonining 10 foizi yong‘in tufayli kulga aylandi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parijning "yashil o‘pkasi" hisoblangan Fontenblo o‘rmonining 10 foizi yong‘in tufayli kulga aylanganini ma’lum qildi.

Makron Parijdan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan Fontenblo o‘rmoniga tashrif buyurdi va yong‘inni o‘chirishda ishtirok etgan o‘t o‘chiruvchilar bilan uchrashdi.

Voqea joyida so‘zga chiqqan Fransiya Prezidenti bu yil mamlakatda Ikkinchi Jahon urushidan beri bunday keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari bo‘lmaganini aytdi.

O‘t o‘chiruvchilarni qo‘llab-quvvatlaganini bildirgan Makron o‘rmon yong‘inlari aybdorlari kechirilmasligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya inqirozni kutmasdan o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish uchun uskunalarini yangilashga sarmoya kiritdi. Hozirda yong‘inni o‘chirish uchun qo‘shimcha 70 ta vertolyot va samolyotlar safarbar qilinishga tayyor.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Fontenblo o‘rmonidagi yong‘in natijasida taxminan 2 ming gektar yer yonib ketgan. Bu o‘rmonning umumiy maydonining 10 foiziga teng. Shuningdek, u o‘rmon yong‘inlari mavsumi hali oldinda va yoz qiyin bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

Le Parisien gazetasining xabar berishicha, 15 iyul kuni kechqurun Fontenblo o‘rmonining bir nechta hududlarida yong‘inni yuzaga keltirganlikda gumon qilinib, ikki 18 yoshli yigit hibsga olingan. Ular qasddan yong‘in keltirib chiqarib, mulkka zarar yetkazganlikda ayblanmoqda.

Tergov davomida gumondorlardan biri, ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchi sifatida tanilgan yigit, avvalgi ko‘rsatmalarini o‘zgartirdi va sudyaga Arbon-la-Fore qishlog‘idagi butalarni gugurt va benzin yordamida o‘zi yoqib yuborganini tan oldi.

Ikkinchi gumondorning aytishicha, u tasodifan Fontenblodagi ot sporti stadioni hududiga sigaret qoldig‘ini tashlab, yong‘inni boshlagan.

Fontenblo o‘rmonidagi yong‘in 12 iyul kuni boshlangandi, deb xabar berdi Kazinform.

Kiritildi: 17:03 18.07.2026. O'qildi: 501 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!