Litva harbiy to‘qnashuv yoki yirik inqiroz yuz berganda poytaxt Vilnyus aholisini evakuasiya qilish rejasini tayyorladi. Poytaxt evakuasiyasining uchta asosiy yo‘nalishdan biri Polsha chegarasi tomonga olib boradi. Bu haqda “ Polskiye Radio ”ga tayanib “ RBK Ukraine ” xabar berdi.
Polshaning Podlyas vaevodligi hukumati bu hududni Boltiqbo‘yi mamlakatlari aholisi uchun tranzit koridori sifatida tayyorlamoqda. Rejaga ko‘ra, evakuasiya qilish tartibi xavfning joylashuvi va ko‘lamiga bog‘liq bo‘ladi. Polshadan tashqari, Litvaning shimoli va g‘arbiga olib boruvchi yo‘llar ham ko‘zda tutilgan.
“Poytaxtdan chiquvchi evakuasiya yo‘llaridan biri Polshaga olib borishi kerak”, dedi Vilnyus shahar munisipalitetining Fuqaro muhofazasi departamenti vakili Jigimantas Solovyovas.
Shu bilan birga, evakuasiya bevosita xavf paydo bo‘lishidan oldin boshlanishi zarur.
“Vilnyusliklar hujum paytida evakuasiya yo‘nalishlaridan biri orqali shaharni tark eta olamiz deb o‘ylamasligi kerak”, dedi Solovyovas.
Tinch aholi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum paytida boshpanalarga yashirinishi lozim. Shahar administrasiyasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, rejaning maqsadlaridan biri aholini evakuasiya uyushtirilgan va nazorat qilinadigan jarayon bo‘lishi kerakligiga tayyorlashdir.
Polshaning Podlyas vaevodligi Boltiqbo‘yi davlatlari uchun mintaqaviy evakuasiyani rejalashtirish tizimiga kiritilgan.
“Polskiye Radio” nashrining qayd etishicha, bu qaror Polshaning sharqiy chegarasi yaqinidagi urush va vaziyatning yanada keskinlashuv xavfi bilan bog‘liq.