Fransiyada 5 noyabr kuni o‘tkazilgan umummilliy norozilik aksiyalari so‘nggi haftalardagi eng yirik namoyishga aylandi.
Mamlakatning yirik kasaba uyushmalari birlashmasi CGT ma’lumotiga ko‘ra, turli shaharlardagi namoyishlarda qariyb 1,6 million kishi qatnashgan. Fransiya Ichki ishlar vazirligi esa ishtirokchilar sonini 575 ming nafar deb baholadi.
Namoyishchilar ish haqi va pensiyalarni oshirish, aholining xarid qobiliyatini yaxshilash hamda davlat xizmatlarini yetarlicha moliyalashtirishni talab qilmoqda.
Aksiyalar davomida ayrim shaharlarda namoyishchilar va polisiya o‘rtasida to‘qnashuvlar kuzatildi.
BFMTV ma’lumotiga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar 448 nafar kishini qo‘lga olgan. Shuningdek, 53 nafar polisiya xodimi jarohatlangan.
Ommaviy noroziliklar sabab mamlakatning ayrim hududlarida transport qatnovi va ta’lim muassasalari faoliyatida uzilishlar yuzaga kelgan.