Fransiyada Shamonda virusini yuqtirgan ilk inson vafot etdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ushbu holatni alohida hodisa sifatida baholab, vaziyatni kuzatib bormoqda.
«Markaziy Osiyo» nashri xabar berishicha, virus Fransiyaning Lion shahrida boshqa jiddiy kasallikdan davolanayotgan keksa bemorda aniqlangan. Fransiya sog‘liqni saqlash bosh direktori Gregori Emerining ta’kidlashicha, bemorning vafotiga, asosan, immunitet tizimining juda zaiflashgani sabab bo‘lgan.
JSST Fransiya rasmiylari bilan yaqin aloqada ekanini va vaziyatga oid yangi ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilan qo‘shimcha axborot berishini ma’lum qildi. Hozircha ushbu holat alohida hodisa sifatida baholanmoqda.
Shamonda virusi haqida nimalar ma’lum?
Shamonda virusi asosan qoramol, qo‘y, echki, ot va alpakalar kabi hayvonlarni zararlaydi. U ilk bor 1965 yilda Nigeriyada qoramollarda aniqlangan.
Kasallangan hayvonlarda isitma, ich ketishi, sut mahsuldorligining pasayishi va yangi tug‘ilgan buzoqlarda rivojlanish nuqsonlari kuzatilishi mumkin. Virus asosan Kulikoides turkumiga mansub mayda qon so‘ruvchi hasharotlar orqali yuqadi.
Hozircha Shamonda virusiga qarshi maxsus vaksina yoki virusga qarshi dori mavjud emas.