Fransiyada ommaviy norozilik namoyishlari va tartibsizliklar davom etayotgani sababli 20 oktyabr kechqurun vaziyat talab qilgan hududlarda yangi mahalliy komendantlik soatlari joriy etiladi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Sebastyan Lekornyu ma’lum qildi.
Hukumat rahbarining ta’kidlashicha, cheklovlar mahalliy darajada, prefektlar tomonidan shahar hokimlari bilan maslahatlashgan holda belgilanadi. Lekornyu ayrim hududlarda avval joriy etilgan cheklovlar tungi vaqtda jamoat tartibini saqlashga yordam berganini qayd etdi.
Bosh vazir avvalroq vandalizm holatlari davom etsa, mamlakatda favqulodda holat e’lon qilish ehtimolini ham istisno qilmagan. Biroq u buni o‘ta keskin chora deb atab, komendantlik soatlari vaziyatni nazoratga olish uchun yetarli bo‘lishiga umid bildirgan.
19 oktyabr kechqurundan Parij, Lion, Nissa, Bordo va Lill kabi shaharlarning ayrim markaziy ko‘chalarida soat 23:00 dan 06:00 gacha komendantlik soati joriy etilgan. Bordo shahrida cheklovlar 26 oktyabrgacha belgilangan. Ayrim hududlarda esa qo‘shimcha xavfsizlik choralari ham ko‘rilgan.
17 oktyabr kuni Fransiya bo‘ylab o‘tkazilgan ommaviy namoyishlarda aholi turmush darajasi, yoqilg‘i narxlari va davlat xizmatlari bilan bog‘liq muammolarga qarshi norozilik bildirgan. Ayrim shaharlarda namoyishlar tartibsizliklarga aylangan: do‘konlar vayron qilingan va talon-toroj etilgan, Limoj shahrida esa XIX asrda qurilgan shahar hokimligi binosi yongan.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarda 800 ming nafargacha odam ishtirok etgan. Tartibsizliklar fonida hukumat jamoat tartibini tiklash va xavfsizlikni ta’minlash choralarini kuchaytirmoqda.