Bugun 23 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

Fransiyada ilk bor Shamonda virusi insonda aniqlandi

Fransiyada ilk bor Shamonda virusi insonda aniqlandi

Fransiya hukumati tarixda ilk bor Shamonda (Shav) virusi insonga yuqqanini ma’lum qildi. Bemor oktyabr oyi boshida kasalxonada vafot etgan, deb yozmoqda BBC News.

Shamonda ortobunyaviruslar turkumiga kiradi. U asosan yirik shoxli qoramollarni zararlaydi va mayda chivinlar (mokreslar) chaqishi orqali yuqishi mumkin. Ushbu kasallik qo‘ylar, echkilar, alpakalar va otlarda ham qayd etilgan. Virus mollarda kuchli ich ketishi, isitma, holsizlik va sut berishning keskin kamayishiga sabab bo‘ladi.

Mazkur virus ilk bor 1960-yillarda Nigeriyada aniqlangan, keyinroq Osiyoda tarqalgan, o‘sha yilning yozida esa Yevropada ham qayd etilgan. Shu paytgacha Shamonda virusi odamga yuqmaydi deb hisoblab kelinardi.

Fransiya Sog‘liqni saqlash va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vafot etgan bemorga virus mamlakat sharqida, hayvonlar orasida virus tarqalgan hududda mayda chivin chaqishi oqibatida yuqqanini bildirdi.

Rasmiylar buni «favqulodda istisno holat» deb atadi, chunki bemorda og‘ir immunitet tanqisligi bo‘lgan va u Liondagi shifoxonada «jiddiy kasallik»dan davolanayotgandi. Unda katta ehtimol bilan Shamonda virusi bilan bog‘liq bo‘lgan nevrologik asoratlar rivojlangan. Vazirliklar bemorning immunitet tizimi o‘ta zaiflashgani uni infeksiyaga nisbatan ta’sirchan qilib qo‘yganini qayd etdi. Shuningdek, idoralar keng aholi qatlami uchun hech qanday xavf yo‘qligini alohida ta’kidladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va Kasalliklar profilaktikasi va nazorati bo‘yicha Yevropa markazi (ECDC) vaziyat rivojini kuzatib borayotganini ma’lum qildi.

JSST hozircha rasmiy xavf baholashi o‘tkazilmaganini, biroq mavjud ma’lumotlar va shunga o‘xshash kasalliklarni o‘rganish tajribasi bu yakka tartibdagi holat ekanini hamda «ayni paytda virusning keng tarqalishi ehtimoli juda past» ekanini ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

«Bundan tashqari, mayda chivinlar tashuvchi viruslarning tarqalish qobiliyati, odatda, yilning sovuq fasllarida sezilarli darajada pasayadi», — deya qo‘shimcha qildi JSST.

Kiritildi: 23:59 22.10.2026. O'qildi: 628 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!