Fransiya janubi-g‘arbi va Ispaniyada avj olgan yirik o‘rmon yong‘inlari sababli umumiy hisobda 320 mingdan ortiq kishi evakuasiya qilindi.
Fransiyada Bordo atrofidagi yong‘inlar tufayli 220 mingdan ziyod aholi xavfsiz hududlarga ko‘chirildi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, qurib qolgan o‘simliklar va kuchli shamol yong‘inning tez tarqalishiga sabab bo‘lgan.
Jironda departamentida yong‘in 32,7 ming gektardan ortiq hududni yoqib yuborgan. Yong‘in ilk bor Saumos kommunasida boshlangan bo‘lib, keyin Le-Porj, Lej-Kap-Ferre va Bordo aglomerasiyasi tomon tarqalgan.
Tabiiy ofatga qarshi kurashish uchun 1 400 nafar o‘t o‘chiruvchi, 1 500 harbiy, 1 700 xavfsizlik xodimi hamda yong‘in o‘chirish aviasiyasi jalb etilgan.
Evropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Fransiyaga Yevropa Ittifoqining rescEU mexanizmi orqali beshta yong‘in o‘chirish samolyoti va ikkita vertolyot yuborilganini ma’lum qildi.
Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan beri mamlakat bo‘ylab qariyb 100 ming gektar yer maydoni yongan. Ichki ishlar vaziri Loran Nunyes bu ko‘rsatkichni «tarixiy maksimum» deb atadi.
Shu bilan birga, Ispaniyada ham Madrid atrofi va Avila provinsiyasida yong‘inlar davom etmoqda. Mamlakat hukumati ushbu hududlarda milliy favqulodda holat joriy qildi. Bu yerda 100 mingga yaqin aholi evakuasiya qilingan.
Evropa Ittifoqining fuqarolik himoyasi mexanizmi doirasida Ispaniyaga ham xalqaro yordam ko‘rsatilmoqda. Italiya ikki dona Canadair samolyoti va 14 nafar mutaxassisni, Portugaliya 129 nafar xodim hamda 41 ta maxsus texnikani, Gresiya esa 33 nafar mutaxassis, ikki dona Canadair samolyoti va bir yordamchi samolyotni yuborgan.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning ta’kidlashicha, hozirgi asosiy vazifa insonlar hayotini saqlab qolish, aholini himoya qilish va yong‘inlarni tezroq jilovlashdan iborat. U zarar ko‘rgan hududlar davlat tomonidan tiklash bosqichida ham qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.