Filippinda 9 sentyabr kuni paromda yong‘in chiqishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 76 kishiga yetdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Yong‘in vaqtida paromda 134 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zosi bo‘lgan. Omon qolganlar soni 43 nafarni tashkil etmoqda. Ularning aksariyati shifoxonalarda davolanmoqda, biroq 13 kishi bedarak yo‘qolgan. Qidiruv ishlariga zaharli tutun va yuqori harorat xalaqit bergan. Shu sababli qutqaruvchilar parom bortiga faqat 11 sentyabr kuni chiqishga imkon topgan.
Marhumlarning yaqinlaridan shaxsiy buyumlar va DNK tahlili orqali oila a’zolarini aniqlashda yordam berish so‘ralmoqda.
“Kimdir mavjud surat yoki buyumlar haqiqatan ham o‘z yaqiniga tegishli ekanini tasdiqlasa, undan DNK namunasini topshirish so‘raladi”, dedi Korondagi turizm bo‘yicha mutaxassis Kristine Ablana.
Ta’kidlanishicha, yong‘in paromning yuklar saqlanadigan bo‘linmasida boshlangan. Tirik qolganlar yong‘in boshlanganda kuchli portlash ovozini eshitgan.
2002 yilda qurilgan June Aster paromi amaldagi xavfsizlik sertifikatlariga ega bo‘lgan. U mart oyida nazorat tekshiruvidan o‘tgan. Biroq tergovchilar yo‘lovchilar ro‘yxati, yuklarning joylashuvi va ekipajning favqulodda vaziyatlarda harakat qilish protokollarini o‘rganmoqda. Kema operatori hisoblangan Atienza Interisland Ferries tergovga to‘liq hamkorlik qilishini ma’lum qildi.