Filippin tabiiy ofatlarni boshqarish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 4-noyabr kuni sodir bo‘lgan “Kalmayegi” to‘foni oqibatida kamida 66 kishi halok bo‘ldi, yana 26 kishi bedarak yo‘qolgan. Deutsche Welle xabariga ko‘ra, tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan hududlarni o‘rganayotgan harbiy vertolet qulashi natijasida olti kishi halok bo‘ldi. Qolganlari suv toshqini, qulagan daraxtlar va binolarning qoldiqlari tufayli vafot etgan.
To‘fon natijasida 430 mingdan ortiq kishi uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. “Kalmayegi” Luzon, Visayas va Mindanao orol guruhlaridagi 24 provinsiyaga ta’sir ko‘rsatdi, ko‘plab hududlarda elektr ta’minoti uzildi, o‘nlab reyslar bekor qilindi. Shamollar soatiga 180 kilometr tezlik bilan esgan, kuchli yomg‘irlar va ko‘p metrli to‘lqinlar bilan birga kuzatildi.
Filippinning Pagasa ob-havo xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bog‘ron zaiflashgan, ammo ko‘pgina shaharlarda ko‘chalar suv ostida qolgan, mashinalar ag‘darilgan yoki suv ostida qolgan, aholi esa o‘zlarini qutqarish uchun tomlarga chiqishga majbur bo‘lgan.
Sinoptiklarning ma’lumotlariga ko‘ra, “Kalmayegi” yetti marta quruqlikka tushgan, so‘nggi manzil G‘arbiy Palavan provinsiyasidagi El-Nido shahri bo‘lgan. To‘fon chorshanba yoki payshanba kuni mamlakatdan Vyetnam tomon yo‘l olishi kutilmoqda. Shu bilan birga, meteorologlar Filippinga yangi tropik siklon yaqinlashayotganini va u juma yoki shanba kuni quruqlikka tushib, super to‘funga aylanishi mumkinligini bildirgan.
Filippinda har yili o‘rtacha 20 ta to‘fun kuzatiladi. Eng dahshatlisi 2013-yilda Xayyan bo‘lib, 6300 dan ortiq odamni hayotdan olib ketgan.