Bu haqda DW xabar bermoqda.
Gap harbiy quruvchilar haqida ketmoqda, ular “infratuzilmani tiklash” ishlariga jalb etilishi kutilmoqda, deb xabar berdi Janubiy Koreya parlamenti razvedka ma’lumotlariga tayanib.
Qayd etilishicha, Shimoliy Koreya Rossiyaga o‘z harbiylarining yangi guruhlarini yuborish uchun tayyorgarlikni davom ettirmoqda.
Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Rossiya-Ukraina chegarasi yaqinida taxminan 10 ming nafar shimoliy koreyalik harbiy joylashgan. Shuningdek, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi front chizig‘ida KXDRdan kelgan yana 1000 ga yaqin sapyor minalardan tozalash ishlari bilan shug‘ullanmoqda.
Turli ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi urushi davomida 600 dan 2000 nafargacha shimoliy koreyalik askar halok bo‘lgan.