FIFA Apellyasiya qo‘mitasi Argentina terma jamoasi futbolchilari Nauel Molina va Leandro Paredesga nisbatan belgilangan jazolarni qayta ko‘rib chiqdi.
Gap JCH-2026 finalida Argentinaning Ispaniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lganidan keyin yuzaga kelgan ommaviy janjal haqida ketmoqda.
Uchrashuvdan so‘ng Molina Ispaniya terma jamoasi sardori Rodrining ko‘kragiga qo‘li bilan zarba bergan. Keyinchalik boshqa futbolchilar ham mojaroga aralashgan.
Jumladan, Paredes Erik Garsiyani turtib, uning tomog‘idan ushlagan, so‘ng janjalga aralashgan Gavini maydonga yiqitgan. Argentina murabbiylar shtabi a’zosi Roberto Ayyala esa Dani Olmo bilan tortishuv davomida uning yuziga zarba bergan.
Dastlab FIFA Paredesni 10 ta, Molinani esa 7 ta uchrashuvga diskvalifikasiya qilib, har ikki futbolchiga 90 ming dollardan jarima solgan edi.
Apellyasiyadan keyin Molinaning jazosi 4 ta o‘yingacha, jarimasi esa 60 ming dollargacha kamaytirildi. Paredesga belgilangan 10 o‘yinlik diskvalifikasiya va 90 ming dollarlik jarima o‘zgarishsiz qoldirildi.
Argentina futbol assosiasiyasi (AFA) FIFAning mazkur qarori ustidan Sport arbitraj sudiga (CAS) murojaat qilishini ma’lum qildi.