AQSh 2028 yilda futbol tarixidagi yana bir yirik xalqaro musobaqaga mezbonlik qiladi. Mamlakatda ilk bor ayollar klublari o‘rtasida Jahon chempionati tashkil etiladi.
FIFA prezidenti Janni Infantinoning ma’lum qilishicha, yangi turnir 2028 yilning 5–30 yanvar kunlariga mo‘ljallangan. Unda dunyoning oltita qit’a konfederasiyasidan 19 ta jamoa ishtirok etadi.
Musobaqani har to‘rt yilda bir marta o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Infantino AQShning yirik futbol turnirlarini tashkil etish borasidagi tajribasiga yuqori baho berdi. U mamlakat 2025 yilgi klublar mundiali va 2026 yilgi Jahon chempionatiga mezbonlik qilganini eslatib, yangi musobaqa ham yuqori saviyada o‘tishiga ishonch bildirdi.
FIFA rahbarining ta’kidlashicha, mazkur turnir ayollar klub futbolida yangi imkoniyatlar ochib, turli qit’alarning yetakchi jamoalarini bir maydonda jamlaydi.