Eng ko‘p zarar Ispaniyaga yetgan: u yerda 295 ming gektardan ortiq hudud yong‘in oqibatida yo‘q qilingan. Fransiyada qariyb 96,5 ming gektar maydon yonib ketgan, holbuki o‘rtacha ko‘rsatkich 14,8 ming gektarni tashkil etadi. Italiyada esa deyarli 105 ming gektar hudud zarar ko‘rgan, o‘rtacha ko‘rsatkich esa qariyb 57 ming gektar. Shu bilan birga, Portugaliya va Gresiyada yong‘inlar tufayli zarar ko‘rgan hudud maydoni ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lgan.
Tadqiqotchilar og‘ir yong‘in mavsumini erta boshlangan jazirama issiq to‘lqinlari va kuchli qurg‘oqchilik bilan bog‘lamoqda. Yana bir omil nam qish mavsumi bo‘lgan: u o‘t-o‘lan va boshqa o‘simliklarning tez ko‘payishiga sabab bo‘lgan, yozda esa bu o‘simliklar qurib, yong‘in uchun yonilg‘iga aylangan.
Shu bilan birga, yong‘inlarning bevosita sababchisi aksariyat hollarda odamlar bo‘lib qolmoqda — ehtiyotsizlik yoki ataylab o‘t qo‘yish natijasida.