Evropa xavfsizlik idoralari yaqin oylarda Rossiya bilan bog‘liq deb baholanayotgan diversiyalar soni ortishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Bu haqda Welt am Sonntag va The Telegraph o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
NATOning yuqori lavozimli vakiliga ko‘ra, alyans Moskvadan yanada agressiv axborot siyosati va Yevropada gibrid hujumlar ko‘payishini kutmoqda.
Nashrlar suhbatlashgan manbalarning ta’kidlashicha, bunday harakatlar Yevropa davlatlarining mudofaa salohiyatini kuchaytirishiga javob sifatida ko‘rilayotgan bo‘lishi mumkin. Ayrim holatlarda Rossiya harbiy razvedkasi — GRU bilan bog‘liqlik haqida ham gumonlar bildirilgan.
Manbalarga ko‘ra, Moskva Yevropada Ukrainaga yordam berish xavfli ekani haqida tasavvur shakllantirish va jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazishga urinmoqda. Ukrainaga qurol yetkazib beruvchi Yevropa mudofaa kompaniyalari rahbarlariga nisbatan tahdidlar va suiqasd rejalari haqidagi xabarlar ham shu kontekstda tilga olingan.
Avstriya razvedka xizmatining sobiq rahbari Omar Xayyavi-Pirxner Rossiya Yevropa bilan munosabatlarni «tizimli mojaro» sifatida ko‘rishi mumkinligini ta’kidlagan.
Germaniya Federal razvedka xizmati (BND) sobiq rahbari Gerxard Shindler esa Rossiya G‘arbga nisbatan gibrid bosimni kuchaytirishi mumkinligini bildirgan.
Ayni paytda Rossiyaning Germaniyadagi elchixonasi Welt am Sonntag so‘roviga javoban Rossiyaning «diversiya faoliyati»ga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni asossiz deb atagan.