Evropa davlatlari Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish masalasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib boradigan vakil nomzodini muhokama qilmoqda. Bu haqda Politico nashri Yevropa Ittifoqi diplomatlariga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa davlatlari hukumatlari yaqin vaqt ichida tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralarda Rossiya rahbari bilan uchrashadigan nomzodni tanlash zarurligini anglab yetmoqda. Biroq hozircha Yevropa Ittifoqida ushbu lavozim uchun yagona nomzod bo‘yicha kelishuv mavjud emas.
Masala AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoffning Sankt-Peterburgga tashrifidan keyin yanada dolzarblashgan.
Muzokarachi sifatida Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb va Yevropa kengashi rahbari Antoniu Koshta nomzodlari ko‘rib chiqilmoqda.
Stubbning nomzodi Finlyandiya va Rossiya o‘rtasidagi tarixiy diplomatik aloqalar hamda uning Tramp bilan yaxshi munosabatlari tufayli ma’qul ko‘rilmoqda. Koshta esa Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning umumiy manfaatlarini ifodalashda samaraliroq vakil bo‘lishi mumkinligi bilan izohlanmoqda.
Evropalik diplomatlardan biri bo‘lajak vakil nafaqat yirik davlatlar, balki butun Yevropa Ittifoqi manfaatlarini himoya qila olishi kerakligini ta’kidlagan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin avvalroq muzokaralarda vositachilik qilish uchun Germaniyaning sobiq kansleri Gerxard Shryoder nomzodini ma’qul ko‘rishini bildirgan edi. Shu bilan birga, u Yevropa davlatlari Moskvaga nisbatan keskin bayonotlar bermagan va ishonch qozongan rahbarni o‘zlari tanlashi kerakligini ta’kidlagan.
Hozircha Yevropa Ittifoqi muzokarachi nomzodi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmagan.