Buyuk Britaniya va Shimoliy Yevropa davlatlari yangi harbiy-dengiz ittifoqini tuzishni rejalashtirmoqda. Uning asosiy vazifalaridan biri Shimoliy Atlantika, Arktika va Boltiq dengizida Rossiya suvosti kemalarining faoliyatini cheklashdan iborat bo‘ladi. Kelishuv London boshchiligidagi Birlashgan ekspedisiya kuchlari (JEF) doirasida imzolanishi kutilmoqda.
Buyuk Britaniya Mudofaa shtabi boshlig‘i Richard Nayton London Rossiyadan kelayotgan tahdidni baholashda yevropalik ittifoqchilariga yetib olishi kerakligini aytdi. Naytonning ta’kidlashicha, ittifoq ishtirokchilari o‘zaro kelishuvlar, uchrashuvlar va tajriba almashish bilan cheklanib qolmay, harbiy-dengiz, havo va quruqlikdagi kuchlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni kuchaytirmoqchi.
Shimoliy Atlantika va Arktikaning NATO xavfsizligi uchun ahamiyati ortib bormoqda. Bunga muzliklarning erishi oqibatida yangi dengiz yo‘llari ochilayotgani va mintaqadan muhim suvosti aloqa kabellari o‘tishi ham sabab bo‘lmoqda. Nayton ushbu hududlarni himoya qilish AQShning sharqiy qirg‘oqlari xavfsizligini ta’minlashda ham muhimligini ta’kidlagan.
Rejaga ko‘ra, Buyuk Britaniya boshchiligidagi ko‘p millatli dengiz kuchlari harbiy texnika, o‘q-dorilar va shaxsiy tarkibni o‘zaro almashishi hamda birgalikda foydalanishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, ular umumiy tizimlar, raqamli tarmoqlar, logistika infratuzilmasi va zaxiralardan foydalanadi. Ittifoqchi davlatlar flotlari Londondagi Nortvud harbiy qo‘mondonlik markazidan boshqariladi.
JEF — Buyuk Britaniya boshchiligidagi o‘nta davlatdan iborat harbiy koalisiya. Unga Daniya, Estoniya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Norvegiya, Finlyandiya, Islandiya va Shvesiya kiradi.