Evropa Ittifoqi AQSh prezidenti Donald Trampning tarif siyosatini javobsiz qoldirmaslik uchun AQSh mahsulotlariga yangi boj soliqlari joriy etilishi mumkin bo‘lgan tovarlar ro‘yxatini tuzdi. Bu haqda Politico nashri xabar berdi.
Payshanba kuni Yevropa komissiyasi AQSh tomonidan deyarli 100 milliard yevroga teng import mahsulotlariga qo‘yilgan bojlarga javob tariqasida choralar taklif qildi. Ro‘yxatga samolyotlar, avtomobillar, tibbiy jihozlar, kimyoviy moddalar, plastmassa, shuningdek, «burbon» va boshqa spirtli ichimliklar kiritilgan. Ilgariroq Fransiya va Italiya alkogolli mahsulotlarni ro‘yxatga kiritishga qarshi chiqqandi, ammo komissiya o‘z pozisiyasida turdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hujjat 200 betdan ortiqni tashkil etadi va 4800 dan ziyod tovar turlarini qamrab oladi. 2024 yilda ushbu tovarlarning Yevropa Ittifoqiga importi umumiy 109 milliard yevroga teng bo‘lgan. YEI shuningdek, 4,4 milliard yevro qiymatdagi metall xomashyosi va kimyoviy mahsulotlar eksportini cheklash imkonini ham ko‘rib chiqmoqda.
Bu bilan birga, Bryussel VTO (Jahon savdo tashkiloti)ga AQShning avtomobillarga joriy etgan o‘zaro boj va cheklovlari yuzasidan da’vo tayyorlamoqda. Biroq Yevropa Ittifoqining asosiy maqsadi — muzokaralar o‘tkazish. Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenning ta’kidlashicha, biznes va YEIga a’zo davlatlar bilan maslahatlar 10 iyungacha davom etadi.
AQSh avval Yevropa Ittifoqidan deyarli barcha eksport mahsulotlariga 20% qo‘shimcha boj joriy qilgan, keyinchalik buni 90 kunga 10%gacha pasaytirgan. Biroq metall, alyuminiy va avtomobillarga bo‘lgan bojlar o‘z kuchida qolmoqda. Yevropa Ittifoqi o‘z navbatida 21 milliard yevroga teng javob choralarini — Harley-Davidson motosikllari, parranda go‘shti va kiyim-kechak kabi mahsulotlarga boj joriy qilishni — vaqtincha to‘xtatgan.
Ommaviy axborot vositalari bahosiga ko‘ra, Vashingtonning savdo siyosati Yevropa Ittifoqining AQShga eksport qiluvchi mahsulotlarining taxminan 97%iga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bryussel javob choralarini NATOning iyun oyida Gaagada bo‘lib o‘tadigan sammitiga qadar kechiktirishi mumkin. Bu esa ushbu tadbir arafasida keskinlikni kuchaytirmaslik uchun amalga oshirilishi mumkin.