Bryussel Moskvaga qarshi sanksiyalarning 19-to‘plami doirasida Rossiyadan suyultirilgan gaz importini taqiqlashni ilgariroq muddatda amalga oshirishi mumkin.
Reuters manbasiga ko‘ra, Yevropa komissiyasi yangi sanksiyalar to‘plamida Rossiyada ishlab chiqarilgan suyultirilgan tabiiy gaz (STG)ga qarshi taqiqni joriy qilish muddatini ilgarilash taklifini muhokama qilmoqda. Ushbu taqiq dastlab 2028 yildan amalga kiritilishi rejalashtirilgan edi. Endi esa u 2026 yoki hatto 2027 yilga surilishi mumkin.
Evrokomissiya sanksiyalarning 19-to‘plami loyihasini 19 sentyabr kuni a’zo davlatlarga taqdim etishi kutilmoqda. Ilgari bu taqdimot bir hafta avval bo‘lishi kerak edi, ammo AQShdagi muzokaralar tufayli kechiktirilgan.
Vashington Yevropa ittifoqchilariga Rossiya nefti va gazidan to‘liq voz kechish, Xitoy va Hindistonga tariflar joriy etish bo‘yicha bosimni kuchaytirmoqda. Shu bilan birga, G7 va NATO mamlakatlariga, jumladan, Rossiya neftini sotib olishda davom etayotgan Turkiyaga ham talablar qo‘yilmoqda.
Evropa parlamenti iyul oyidayoq gaz importidan voz kechish muddatini 2027 yil yanvarga ko‘chirishni muhokama qilgan. AQSh energetika vaziri Kristofer Rayt esa sentyabrda Yevropaning 2026 yil oxirigacha Rossiya gazini to‘xtatish majburiyatini e’lon qilgan. AQSh Rossiya o‘rnini to‘ldirishga tayyor ekanini bildirgan.
Biroq Yevropa ichida ehtiyotkorona fikrlar ham yo‘q emas. Fransiyaning TotalEnergies rahbari Patrik Puyann Rossiya STGsi 2027 yil oxirigacha kerak bo‘lishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtgacha muqobil yetkazib beruvchilar yetarlicha shakllanmaydi.
Evropa Ittifoqi 2022 yildan beri Rossiya gaziga qaramlikni kamaytirish harakatida. O‘sha paytda gaz bozorida Rossiyaning ulushi 45 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib u 19 foizgacha tushdi. Ispaniya, Belgiya, Fransiya va Niderlandiya hanuz Rossiyadan STG xarid qilmoqda. Quvur orqali yetkazib berish esa asosan Bolgariya, Slovakiya va Vengriyaga amalga oshirilmoqda.