Toshkent shahrida 54 yoshli erkak avtobusda yo‘lovchi qizlarga shahvoniy shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, holat 2025 yil 11 sentyabr kuni “Xalqlar do‘stligi–Sirg‘ali” yo‘nalishida harakatlanuvchi 11-sonli avtobusda sodir bo‘lgan. Yo‘lovchi sifatida ketayotgan erkak qizlarning orqasiga qo‘l tekkizib, ularga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan. Bu holatni boshqa yo‘lovchi videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.
Toshkent shahar IIBB axborot xizmatiga ko‘ra, shaxs qonun hujjatlariga muvofiq ushlangan. Sud jarayonida erkak qilmishidan afsuslanganini bildirgan.
“Drujba tomonda yonimga bir qiz chiqdi. O‘zimni ushlolmay, nafsimni tiyolmasdan orqa tomoniga qo‘lim ketib qoldi. Shunaqa ish qilib qo‘ydim. Sharmanda bo‘ldim. Uzr so‘rayman”, degan u.
Erkak qilgan qilmishidan pushaymon ekanini, boshqa bunaqa holat qaytarilmasligini bildirgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi 2025 yil 17 sentyabrda chiqargan qarorga ko‘ra, u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikda aybdor deb topilib, 5 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortildi.