Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan A. Voitov (Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan) va boshqalarga (jami 62 kishi) oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi.
✅Sud hukmiga ko‘ra A. Voitov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan yetkazilgan moddiy zararning o‘rni to‘liq qoplanganligi sababli 3 yil muddatga boshqaruv tizimi, rahbarlik va mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilgan tarzda bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida jarima va har oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
❗️Ta’kidlash joizki, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi belgilangan. Shu bois, sudning hukmi bilan jinoyat bo‘yicha yetkazilgan zarar sud jarayoni davomida to‘liq qoplanganligi sababli A. Voitovga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanib, depozit hisob raqamiga to‘langan pullar davlat foydasiga o‘tkazilishi belgilangan.
✅X. Karimovga (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi direktori lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilgan holda 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
✔️Qolgan 60 nafar sudlanuvchiga qilmishiga muvofiq ravishda tegishli jazolar, xususan, 9 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 51 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyasiya/kassasiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.