“Putler War Criminal” (“Putler harbiy jinoyatchi") degan yozuv tushirilgan banner Narva muzeyi joylashgan tarixiy qasr devoriga joylashtirildi.
Narva muzeyi direktori Mariya Smorjevskix-Smirnova Putin tasviri tushirilgan bannerni "Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini va Putinning harbiy jinoyatlarini eslatib turuvchi xabar" deb atadi.
"Bugun, Yevropa kunida, biz tinchlik va erkinlikni nishonlayapmiz… Biroq yonginamizda, Ukrainada, to‘rt yildan buyon keng ko‘lamli urush davom etmoqda uni Putin boshlagan. Biz diktatorni diktator, harbiy jinoyatlarni esa harbiy jinoyat deb ataymiz", — deya fikr bildirdi muzey rahbari ERR nashriga bergan izohida.
Narva muzeyi 9 may kunini uch yildan beri “Putin – harbiy jinoyatchi” degan yozuv aks etgan banner bilan nishonlamoqda. Bu banner Rossiya tomonidagi Ivangorod shahrida ham ko‘rinib turadi.
Muzey direktori Mariya Smorjevskix-Smirnova bu harakat "provokasiya emas, balki muzey tomonidan oldindan rejalashtirilgan installyasiya" ekanini ta’kidlagan.
2025 yil boshida Moskva sudi Smorjevskix-Smirnovani Rossiya armiyasi haqida "soxta" ma’lumotlarni ommaviy ravishda va siyosiy sabablarga ko‘ra tarqatganlik aybi bilan sirtdan hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqargani ma’lum qilingandi.