Eronga qarshi muhim bellashuvda Milliy terma jamoamiz yetakchilaridan biri hisoblangan Jaloliddin Masharipov ishtirok eta olmaydi.
Gap shundaki, kechagi uchrashuvdan avval 6 nafar futbolchimiz ehtiyotkor bo‘lib o‘ynashi talab etilardi. Agarda ushbu 6 o‘yinchidan biri sariq kartochka bilan jazolansa, Tehronda bo‘ladigan bahsni o‘tkazib yuborishi kerak edi. Afsuski, bo‘lib o‘tgan o‘yinning 56-daqiqasida Masharipov sariq kartochka olib, Eronga qarshi maydonga tusha olmaydigan bo‘ldi.
Jaloliddindan tashqari, Eldor Shomurodov, Odil Hamrobekov, Farrux Sayfiyev, Bobir Abduxoliqov, Sherzod Nasrullayev kabi futbolchilar ham sariq olmasliklari shart edi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Milliy terma jamoamiz Eronga qarshi uchrashuvini 25 mart kuni o‘tkazadi. Ushbu bellashuv Toshkent vaqti bilan 21:00 da start olishi rejalashtirilgan.