Madridning «Real» klubi rahbariyati ketma-ket muvaffaqiyatsizliklar va kiyinish xonasidagi doimiy janjallar fonida tarkibni jiddiy tarzda qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi.
Transfer News Live nashrining Defensacentral manbasiga tayanib xabar berishicha, klub faqat besh nafar futbolchini «dahlsiz» deb hisoblaydi va ular yaqin kelajakda jamoani tark etmaydi. Ushbu ro‘yxatdan Tibo Kurtua, Trent Aleksander-Arnold, Jud Bellingem, Arda Gyuler va Kilian Mbappe o‘rin olgan. Qolgan barcha o‘yinchilar, jumladan jamoa yulduzi Vinisius Junior ham mos taklif tushsa, sotib yuborilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 10 may kuni La Liganing 35-turi doirasida «qirollik klubi» «Barselona»ga qarshi maydonga tushadi. Madridliklar ushbu «El-Klasiko»da g‘alaba qozonishlari shart, aks holda kataloniyaliklar muddatidan oldin chempionlikni aynan shu o‘yinda nishonlashlari mumkin.